Yangiliklar

Qamchibek Tashiyev nega ishdan olindi

Uning o‘rniga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari keldi
Foto: Sputnik

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qildi. Davlat rahbari uni nega ishdan olganiga izoh berdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Sadir Japarov bu qadamning asosiy maqsadi davlat birligini mustahkamlash va jamiyatda, jumladan, davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishlarning oldini olish bo‘lganini ta’kidladi.

«Avvalambor, men bu qarorni davlatimiz manfaatlarini ko‘zlab, jamiyatda, shu jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik, birdamlikni mustahkamlash maqsadida qabul qildim», — deya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi uning matbuot kotibi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbari navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mish tarqalgandi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi esa bir necha bor prezidentlik poygasida ishtirok etish niyatida emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Tashiyevning o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Foto: AKIpress

Hozirda 55 yoshda bo‘lgan Shabdanbekov 2020-yildan buyon mazkur qo‘mita raisi o‘rinbosari — qo‘mitaning 9-xizmati (Davlat qo‘riqlash xizmati) boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. 2022-yilda unga general-mayor unvoni berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Bishkekning Tojikiston bilan chegara muammosi hal bo‘lishida O‘zbekiston rahbarining o‘rni katta ekanini aytgandi.