
Onlayn o‘yin platformasi Roblox O‘zbekistonda rasmiy ravishda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 9-fevral kuni AQShda joylashgan Roblox Corporation kompaniyasi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida respublikada ro‘yxatga olingan. Kompaniya dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lgan Roblox onlayn o‘yin platformasini boshqaradi va rivojlantiradi.
Ma’lumot uchun, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda olti nafar yangi xorijiy kompaniya virtual QQS ofisida ro‘yxatdan o‘tgan. Ular orasida Shveysariyaning FunPlus International AG, Epic Games Commerce GmbH, shuningdek Singapurning Skywork AI Pte. Ltd. kompaniyalari bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yildan QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga berilishi haqida yozgandi.