
2026-yil fevral oyida Rossiyada Tracker krossoverining minimal narxi 1,65 mln rublni tashkil qildi. Bu qariyb 264 mln so‘mga teng. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda ushbu modelning rasmiy narxi ancha past.
O‘zbekiston bozorida Chevrolet Tracker aksiyada 215 951 360 so‘mdan boshlanadi. Bu taxminan 1,35 mln rublga teng. Ikki bozor o‘rtasidagi farq 48 mln so‘m yoki qariyb 300 ming rublni tashkil qilmoqda.
Rossiyada Tracker qayerda va nechaga sotilmoqda
Rossiyada Chevrolet Tracker hozircha cheklangan miqdorda mavjud. Avtomobillar parallel import orqali olib kelinmoqda va asosan buyurtma asosida taklif qilinmoqda.

Vladivostok shahrida 1.0 Turbo dvigatelga ega Tracker sotuvga chiqarilgan. Model 116 ot kuchiga ega bo‘lib, old tortuv va 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlangan. Narxi 1,65 mln rubl etib belgilangan (264 mln so‘m). Avtomobilni faqat buyurtma asosida yetkazib berish taklif qilinmoqda.
Yanvar oyida aynan Vladivostokda Xitoyda ishlab chiqarilgan Chevrolet Tracker, ya’ni Tracker modeli 1,46 mln rublga baholangan edi (234 mln so‘m). Bir oy ichida narx taxminan 13 foizga oshgan.
Moskvada esa yanada kuchli versiya sotilmoqda. Bu 1.2 Turbo dvigatelga ega, 132 ot kuchli Chevrolet Tracker bo‘lib, u ham 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan taklif qilinmoqda. Narxi 2,644 mln rubl yoki qariyb 423 mln so‘mni tashkil qiladi. Yetkazib berish bu yerda ham buyurtma asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekistondagi rasmiy narxlar

Chevrolet Uzbekistan rasmiy saytida Chevrolet Tracker uchun aksion narx ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, krossover 215 951 360 so‘mdan taklif qilinmoqda. Bu Rossiyadagi minimal narxdan sezilarli darajada arzon.
Chevrolet Tracker 1.2 Turbo texnik ko‘rsatkichlari
1.2 Turbo versiya zamonaviy va iqtisodiy dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 132 ot kuchini tashkil qiladi. Avtomobil 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan ishlaydi. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 6,5 litrni tashkil etadi. Bagaj hajmi esa 390 litrdan 1311 litrgacha kengayadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi 2026 Matiz O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.