
Toshkent viloyatida aksiz markasisiz tamaki mahsulotlari savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi. Qibray tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 7,5 ming quti noqonuniy sigareta to‘xtatib qolindi.
Departamentning Qibray tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tadbir o‘tkazildi. Tekshiruv davomida avval sudlangan fuqaro O.Q. boshqaruvidagi Captiva avtomobili ko‘zdan kechirildi.
Mashina salonidan turli nomdagi 7,5 ming quti aksiz markasisiz tamaki mahsulotlari topildi. Aniqlanishicha, mahsulotlar sotish maqsadida vodiy viloyatlariga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Topilgan tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘ona va Qashqadaryoda qalbaki aksiz markali alkogol savdosi to‘xtatilgani haqida yozgan edi.