Sport

Vyetnamda dunyodagi eng katta «Trong Dong» stadioni qurilishi boshlandi

135 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi majmua 2028-yilda ochilishi kutilmoqda
Foto: Reddit

Vyetnamda sig‘imi bo‘yicha jahon rekordini yangilashi kutilayotgan «Trong Dong» stadionining qurilish ishlari boshlab yuborildi. 135 ming o‘ringa mo‘ljallangan ushbu inshoot Shimoliy Koreyadagi dunyoning eng yirik stadioni hisoblangan «Rungrado»dan o‘zib ketadi.

Yangi stadion qurilishi 2028-yilda yakunlanishi va foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. «Trong Dong» yig‘iladigan tom qismi bilan jihozlanadi, bu esa yil davomida nafaqat sport musobaqalari, balki turli madaniy va jamoat tadbirlarini o‘tkazish imkonini beradi. Vyetnam ushbu loyiha orqali FIFA, OFK yoki Olimpiya kengashi tasnifidagi yirik xalqaro turnirlarga mezbonlik qilishni maqsad qilgan.

Foto: StadiumDB.com

Stadion barcha qat’iy xalqaro standartlarga javob beradigan tarzda loyihalashtirilgan. Hozirgi kunda dunyodagi eng katta stadion Shimoliy Koreyadagi 130 ming o‘rinli «Rungrado» hisoblanadi. Ro‘yxatdagi keyingi o‘rinlarni 2030-yilgi Jahon chempionatini qabul qilishga da’vogar Marokashdagi «Grand Stade Hassan II» (120 ming o‘rin) va AQShdagi «Michigan» (107 ming o‘rin) stadionlari egallab turibdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Braziliya hukumati afsonaviy «Marakana» stadionini sotmoqchiligi haqida xabar bergan edi.