
UzAuto Motors 2025-yil oxirida ikki yangi tijorat avtomobilini rasman taqdim etdi: Chevrolet Damas Max (yuk tashish uchun) va Chevrolet Damas Move (yo‘lovchi tashish uchun). Yangi avlod modelida sezilarli yangilanishlar bor. Shu bilan birga, avvalgi Damas versiyasini ishlab chiqarish ham davom etadi. Quyida yangi va eski Damas o‘rtasidagi farqlar texnik xususiyatlar, qulaylik, xavfsizlik tizimlari va narxlar kesimida batafsil tahlil qilinadi.
Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:
- Texnik ko‘rsatkichlardagi farqlar
- Sig‘im va amaliy imkoniyatlar
- Xavfsizlik va qulaylik darajasi
- Narxlar
- Eski Damas haqida
- Yangi Damas haqida
Texnik ko‘rsatkichlardagi farqlar

Yangi avlod Chevrolet Damas Move va Damas Max eski Damasga nisbatan texnik jihatdan tubdan yangilangan. Avvalgi model 38 ot kuchiga ega dvigatel bilan cheklangan bo‘lsa, yangi Damas Move 81 ot kuchi, Damas Max esa 103 ot kuchiga ega. Bu yuk ortilgan holatda tezlashuv va barqaror harakatni sezilarli darajada yaxshilaydi. Yuk ko‘tarish imkoniyati ham oshgan. Eski Damas o‘rtacha 400 kg yuk tashigan bo‘lsa, yangi Damas Max 650 kg gacha yukni bemalol ko‘tara oladi. Bu biznes uchun bir reysda ko‘proq yuk tashish imkonini beradi.
Yangi avlodning gabarit o‘lchamlari ham ancha kattalashgan. Uzunlik 4425 mm, kenglik esa 1670 mm ga yetgan. Eski Damas esa 3495 mm uzunlik va 1400 mm kenglik bilan cheklangan edi. G‘ildirak bazasining 2850 mm gacha uzaytirilgani avtomobilning yo‘lda turish barqarorligini va yuk bilan harakatlanishdagi muvozanatini kuchaytirgan.

Sig‘im va amaliy imkoniyatlar
Yukxona hajmi yangi modellar foydasiga keskin oshgan. Eski Damas yuk bo‘limi taxminan 2200 litrni tashkil etgan bo‘lsa, yangi Damas Max’da bu ko‘rsatkich 3050 litrga yetgan. Bu deyarli 850 litrga ko‘proq joy degani. Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan Damas Move’da ham orqa o‘rindiqlar ortida 496 litrli bagaj bo‘limi mavjud. Eski modelda bunday imkoniyat deyarli bo‘lmagan.

Kattaroq o‘lchamlar va kengaytirilgan salon yangi Damasni nafaqat tijorat, balki oilaviy ehtiyojlar uchun ham qulayroq qiladi. Ichki makon kengaygani sababli uzoq yo‘llarda yo‘lovchilar uchun qulaylik sezilarli darajada oshgan.
Xavfsizlik va qulaylik darajasi
Eski Damas xavfsizlik tizimlari jihatidan juda sodda edi. Unda havo yostiqchalari va ABS kabi tizimlar mavjud bo‘lmagan. Yangi avlodda esa haydovchi va old yo‘lovchi uchun airbaglar, ABS va EBD tizimlari, stabilizatsiya funksiyalari, markaziy qulf hamda signalizatsiya standart tarzda taklif etilmoqda. Bu xavfsizlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Qulaylik borasida ham sezilarli o‘zgarishlar bor. Ilgari konditsioner ixtiyoriy bo‘lgan bo‘lsa, yangi Damas Move va Damas Max zavoddan konditsioner bilan chiqmoqda. Salon dizayni zamonaviylashgan, o‘rindiqlar sozlanadi, materiallar sifati yaxshilangan va shovqin izolyatsiyasi kuchaytirilgan.

Narxlar taqqoslanishi
Yangi texnologiyalar va qulayliklar narxlarda ham o‘z aksini topgan. Eski Chevrolet Damas hali ham O‘zbekistondagi eng arzon avtomobillardan biri hisoblanadi. Yuk tashishga mo‘ljallangan D11 Van bazaviy talqini taxminan 93,1 mln so‘m atrofida taklif qilinmoqda. Yo‘lovchi va kombi turdagi to‘liqroq komplektatsiyalar narxi esa 96 mln so‘m chegarasigacha yetadi. Bu eski Damasni aholining keng qatlami uchun hamon qulay variant sifatida saqlab turibdi.

Yangi avlod Damas Move va Damas Max modellari esa texnik imkoniyatlari kengaygani sababli yuqoriroq narx segmentiga ko‘tarilgan. UzAuto Motors ma’lumotiga ko‘ra, Damas Max yuk furgonining boshlang‘ich narxi 134,4 mln so‘m etib belgilangan. 1,5 litrli dvigatel bilan jihozlangan varianti esa 142,4 mln so‘mgacha chiqadi. Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan Damas Move uchun boshlang‘ich narx 139,7 mln so‘mdan boshlanadi. Kengroq jihozlangan 1,2 litrli LV1 versiyasi 144,5 mln so‘m, eng qudratli 1,5 litrli talqini esa 149,0 mln so‘mga yetadi.
Umuman olganda, yangi avlod Damas modellari eski versiyaga nisbatan o‘rtacha 1,5 baravar qimmatroq.

Yangi Damas haqida qisqacha
Chevrolet Damas Move va Chevrolet Damas Max Damas modelining zamonaviy ikki talqinidir. Damas Move yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, salonda 7 nafar yo‘lovchi uchun keng va qulay sharoit yaratilgan. Model oilaviy safarlar uchun ham, kichik biznes ehtiyojlari uchun ham mos keladi. Interyer ergonomikasi puxta o‘ylangan. O‘rindiqlar 2+3+2 tartibda joylashtirilgan. Uchinchi qator ortida 496 litr hajmdagi yukxona saqlanib qolgan. Bu kundalik foydalanishda muhim ustunlik beradi.
Chevrolet Damas Max esa yuk tashishga ixtisoslashgan versiya hisoblanadi. Uning yuk ko‘tarish qobiliyati 650 kg gacha yetadi. Yukxona hajmi 3 kub metrdan ortiqni tashkil etadi. Shu sababli Damas Max yetkazib berish, savdo va boshqa tijorat vazifalari uchun qulay variant sifatida ajralib turadi. Keng yuk bo‘limi va mustahkam konstruksiya uni faol ish rejimida foydalanish uchun moslashtiradi.
Eski Damas haqida

Avvalgi avlod Chevrolet Damas mikroavtobusi O‘zbekiston ko‘chalarida yillar davomida eng ko‘p uchraydigan tijorat avtomobillaridan biri bo‘lib kelgan. Hozir ham ishlab chiqarilayotgan eski Damas 0,8 litrli, 38 ot kuchiga ega benzin dvigatel bilan jihozlangan. Kuch agregati 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi orqali orqa g‘ildiraklarga harakat uzatadi. Yillar davomida sinovdan o‘tgan konstruksiya turli yo‘l sharoitlarida barqaror va ishonchli ishlashi bilan ajralib turadi.

Avvalgi avlod Damas bir nechta modifikatsiyada taklif etilgan. Yo‘lovchi versiyasi uch qator o‘rindiqli bo‘lib, salonida 7 nafar yo‘lovchi joylashishi mumkin. Kombi talqinida esa ikki qator o‘rindiq saqlanib, uchinchi qator o‘rnida yukxona joylashtirilgan. Yuk tashishga mo‘ljallangan versiya esa faqat old ikki o‘rindiqli furgon ko‘rinishida ishlab chiqarilgan va 560 kg gacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas 3 qanday imkoniyatlarga ega ekanligi haqida yozgan edi.