Yanvar oyida qaysi kompaniya aksiyalari eng yuqori o‘sishga erishdi

2026-yil yanvar oyida «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da aksiyalar bilan savdolar faol kechdi. Oy yakunlariga ko‘ra, aksiyalar savdosining umumiy hajmi 14,73 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu davrda jami 66,9 mingta bitim tuzildi.
Savdolarning katta qismi Main Board maydonchasiga to‘g‘ri keldi. Unda asosan chakana mijozlar savdo qiladi. Xususan, Top-10 emitentlar hissasiga 12,8 mlrd so‘m yoki Main Board’dagi umumiy savdo hajmining 87 foizi to‘g‘ri keldi.

Yanvar oyi mobaynida «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 232,73 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Aloqabank» (+61,36%) va «Ipak yo‘li» (+42,58%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Savdo hajmi bo‘yicha esa «O‘zbektelekom» (3,7 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (3,3 mlrd so‘m) va «Hamkorbank» (2,4 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Umuman olganda, yanvar oyidagi ko‘rsatkichlar fond bozorida investorlar faolligi oshib borayotganini va yirik emitentlarga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshkent» RFBdan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 30-yanvardan 6-fevralgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatgandi. Ammo UCI fond indeksi 1,8 foizga tushdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbekneftgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 14,74 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zsanoatqurilishbank» (+12,09%) va «O‘zbektelekom» (+12,09%)ning imtiyozli aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.