Yangiliklar

Anapadagi texnikumda sodir bo‘lgan otishmada bir kishi halok bo‘ldi

Talaba o‘quv muassasasi binosining foyesida o‘t ochgan
Foto: Gazeta.ru

Rossiyaning Anapa shahridagi texnikumlardan birida talaba o‘quv muassasasi binosining foyesida o‘t ochdi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, bir necha fuqaro jarohat oldi.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratyev ma’lum qilishicha, halok bo‘lgan shaxs texnikum qo‘riqchisi bo‘lgan. U birinchi bo‘lib hujumchiga qarshi chiqib, huquq-tartibot organlariga xabar bergan va shu tariqa uning binoga chuqurroq kirib borishining oldini olgan. Gubernator marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Krasnodar o‘lkasi Ichki ishlar boshqarmasi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi jarohatlanganini, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi. Keyinchalik ikki nafar jabrlanuvchining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekani bildirildi. Jabrlanganlar soni aniqlashtirilmoqda.

Huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Voqea joyiga tajribali tergovchilar va kriminalistlar jalb etilgan.

Telegram-kanallar xabariga ko‘ra esa hujum 12-kalibrli ikki o‘qli miltiq bilan sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Ayrim manbalarda 17 yoshli gumonlanuvchi qurolni qarindoshlaridan biridan olgani aytilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kanadadagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada kamida 10 kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.