Buxoroda 290 gektar yerni 600 ming dollarga pullagan shaxs ushlandi

Sirdaryo viloyatida yashovchi xususiy tadbirkor Buxoro viloyatining Peshku tumani hududida joylashgan, oltin va boshqa qimmatbaho metallarga ega bo‘lgan yerni sotayotganida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, davlat zaxirasidagi 290 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali auksion savdolari yordamida olib berishni va’da qilgan.
U Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan ushbu xizmat evaziga $600 ming talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxs oldindan $230 ming va 840 million so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, u avval ham firibgarlik jinoyati uchun bir necha bor sudlangan.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangani haqida yozgandi.