
Xitoyning BYD kompaniyasi elektr krossoveri Atto 3’ni yangilab, Atto 3 Evo versiyasini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi versiyada avvalgi 60,5 kVt/soat o‘rniga 74,8 kVt/soatli batareya o‘rnatilgan. Natijada yurish zaxirasi 418 km’dan 510 km’gacha oshgan.
Tezlanish yaxshilandi
Orqa g‘ildirakdan tortuvchi modifikatsiya 308 ot kuchi va 380 Nm moment ishlab chiqaradi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish vaqti 7,3 soniyadan 5,5 soniyaga qisqargan.

Shuningdek, ikki motorli to‘liq tortish tizimiga ega versiya ham paydo bo‘ldi. U 443 ot kuchi va 560 Nm momentga ega bo‘lib, 0–100 km/soat tezlanishni atigi 3,9 soniyada amalga oshiradi. Biroq bu variantda yurish masofasi 470 km bilan cheklanadi.
800 voltli arxitektura va tezkor quvvatlash
Atto 3 Evo endi 800 voltli platforma asosida ishlaydi (ilgari 400V edi). Maksimal quvvatlash tezligi 88 kVt’dan 220 kVt’gacha oshgan. Batareyani 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish 25 daqiqa vaqt oladi.

Bundan tashqari, avtomobil tashqi qurilmalarni 3 kVtgacha quvvat bilan ta’minlay oladi.
Motorning joylashuvi o‘zgartirilgani sababli orqa qismda ko‘p richagli osma qo‘llanilgan. Bagaj hajmi 490 litrga yetgan, old qismda esa 101 litrlik qo‘shimcha yuk bo‘limi (frunk) paydo bo‘lgan.

Salonda multimedia va asboblar paneli dasturi yangilangan, uzatmalar selektori esa rul ustuniga ko‘chirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Datang eng katta krossoverini namoyish etgani haqida yozgandi.