Avto

BYD Denza Z9 elektromobili qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

Yangi versiyalar batareya sig‘imi va yurish zaxirasi bo‘yicha yaxshilangan ko‘rsatkichlarga ega
BYD Denza Z9 elektromobili qanday imkoniyatlarga ega
Foto: BYD

Xitoydagi rasmiy ro‘yxatga olish hujjatlarida BYD kompaniyasining yangi BYD Denza Z9 va Denza Z9 GT modellari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Yangi versiyalar batareya sig‘imi va yurish zaxirasi bo‘yicha yaxshilangan ko‘rsatkichlarga ega.

Batareya va yurish masofasi

Har ikkala model 102,326 kWh va 122,496 kWh sig‘imli batareyalar bilan taklif etiladi. Denza Z9 102,3 kWh batareya bilan 905 km masofa bosib o‘tadi. 122,5 kWh batareyada zaxira 1 068 km yoki 1 030 kmni tashkil qiladi.

Foto: BYD

Denza Z9GT 102,3 kWh batareya bilan 820 km dan 880 km gacha yuradi. 122,5 kWh batareyada esa ko‘rsatkich 1 002 km yoki 1 036 kmga yetadi. Hisob-kitoblar CLTC sikliga asoslangan.

Dvigatel va quvvat

Bazaviy versiyada bir dona elektromotor 370 kW quvvat ishlab chiqaradi. Bu 496 ot kuchiga teng. Z9GT uchun yuqori talqin uch motorli bo‘ladi. Ular 230 kW va ikkita 310 kW agregatdan iborat. Umumiy quvvat 850 kW yoki 1 140 ot kuchini tashkil etadi.

Foto: BYD

Shuningdek, Z9GT’ning plug-in gibrid talqini ham tayyorlanmoqda. U 63,82 kWh batareyaga ega bo‘ladi. Elektr rejimida WLTC bo‘yicha 301 km, CLTC bo‘yicha 400 km dan ortiq masofa bosib o‘tishi kutilmoqda.

Dizayn va texnologiya

Dizaynda brendning Elegant Stance konsepsiyasi saqlangan. Lidar blok tomga ko‘chirildi va «aqlli haydov ko‘k chirog‘i» bilan birga ishlaydi. 21 dyuymli yangi disklar past shovqin va kamroq qarshilik uchun optimallashtirilgan.

Foto: MIIT

O‘lchamlar

Denza Z9GT uzunligi 5 195 mm, g‘ildirak bazasi 3 125 mm. Salon sport tipidagi o‘rindiqlar bilan jihozlanadi. Yangi Lava Red interyer va Fjord Green kuzov ranglari taqdim etiladi.

Kursiv Uzbekistan nashri yangi BYD Song Ultra elektromobili namoyish qilingani haqida yozgan edi.