
Chinorkent – Yusufxona – Chimyon – Amirsoy yo‘nalishida yangi yo‘lovchi tashish tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Toshavtobustrans» MChJ tomonidan 20 dona zamonaviy Ford rusumli mikroavtobus xarid qilingan. Tog‘li hudud sharoitini hisobga olib, maxsus sinov qatnovlari o‘tkazilgan. Shu sababli Ford mikroavtobuslari tanlangan.
Yangi transport vositalari hudud aholisi hamda Chinorkent, Chimyon va Amirsoyga borayotgan sayyohlar uchun qulay sharoit yaratadi. Loyiha ekoturizmni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasidagi transport aloqasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chinorkentga boruvchi tezyurar elektropoyezd narxi oshirilgandi. Endilikda kattalar uchun yo‘l haqi 30 ming so‘m, bolalar uchun esa 16,5 ming so‘mni tashkil etadi.