Dubay aeroportida ishlash imkoniyati: 100 ta ish o‘rni e’lon qilindi

Turon World Cooperation tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida ishlash istagidagi fuqarolar uchun Dubay aeroportida ofitsant (waiter/waitress) lavozimiga 100 ta ish o‘rni taklif etildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ish BAA hududida amalga oshiriladi. Xodimlarga ish vaqtida bepul ovqat taqdim etiladi, viza va aviachipta ish beruvchi tomonidan qoplanadi hamda mehnat faoliyati BAA qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtiriladi. Rekruting jarayoni halol va shaffof asosda olib borilishi ta’kidlangan.
Nomzodlar 21–30 yosh oralig‘ida bo‘lishi, erkaklar kamida 170 sm, ayollar esa kamida 160 sm bo‘yga ega bo‘lishi kerak. Tanada ko‘rinadigan tatuirovka bo‘lmasligi shart. Shuningdek, Food & Beverage yo‘nalishida kamida ikki yillik ish tajribasi, ichimliklar va xalqaro servis standartlari bo‘yicha bilim, mijozlar bilan professional muloqot ko‘nikmasi hamda ingliz tilida erkin og‘zaki va yozma muloqot talabi qo‘yilgan.
Ish beruvchi bilan yuzma-yuz suhbat 2026-yil 24–25-fevral kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Aniq manzil onlayn saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga yuboriladi.
Qayd etilishicha, mehnat shartnomasi to‘g‘ridan to‘g‘ri ish beruvchi bilan tuziladi. Turon World kompaniyasi mehnat shartnomasi bo‘yicha ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi, ishga joylashtirish esa ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Agentlik taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va aniqligi uchun javobgar hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik hamshiralar Italiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.