
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Italiyada davolanayotgan Husniddin Aliqulov va Jaloliddin Masharipov bilan uchrashdi. Murabbiy futbolchilarning tiklanish jarayoni bilan tanishib, ularga sog‘lik tiladi.
Husniddin Aliqulov yaqinda jiddiy jarohat olgan va Rimda taniqli jarroh Pier Paolo Mariani tomonidan operatsiya qilingan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Rizespor» o‘zbekistonlik himoyachi bilan shartnomani 2027-yilgacha uzaytirgan, biroq uning to‘liq safga qaytishi uchun 6 oydan 9 oygacha vaqt talab etilishi mumkin. Bu esa uning yozda bo‘lib o‘tadigan «JCh — 2026»da ishtirok etishini so‘roq ostida qoldirmoqda.

Jaloliddin Masharipov ham ayni paytda jarohatdan tiklanish jarayonini Italiyada o‘tkazmoqda. Har ikki futbolchi milliy terma jamoaning asosiy tarkib o‘yinchilari hisoblanadi va ularning tezroq safga qaytishi yaqinlashib kelayotgan muhim uchrashuvlar oldidan hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fabio Kannavaro milliy jamoaning BAA yig‘ini uchun tarkibini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.