Hyundai Creta modelining yangi avlodi biznes-klassga yaqin bo‘ladi

11-fevral 2026 20:02 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Rushlane.com

Internet tarmog‘ida Hyundai Creta’ning uchinchi avlodiga oid suratlar paydo bo‘ldi. Fotosuratlarda krossoverning tashqi ko‘rinishi bilan bir qatorda salon interyeri ham namoyon bo‘lgan.

Foto: Rushlane.com

Yangi avlod Creta ichki makonda sezilarli yangilanishlarga ega bo‘ladi. Xususan, old yo‘lovchi o‘rindig‘i yon tomonida maxsus tugmalar bloki — boss rejimi joylashgani ko‘rinadi. Ushbu funksiya orqa qatordagi yo‘lovchiga old o‘rindiqni masofadan surish yoki egish imkonini beradi va oyoq uchun qo‘shimcha joy yaratadi. Avval bunday opsiya asosan biznes-klass sedanlar va qimmatbaho yo‘ltanlamaslarda uchrardi.

Shuningdek, orqa qatorda uchta to‘liq sozlanadigan bosh suyanchiqlari va qora ekoteri bilan yaxshilangan bezak qo‘llanadi.

Tashqi ko‘rinish borasida esa yangi Creta hozirgi modelga nisbatan yirikroq va massivroq bo‘ladi. Avtomobil o‘z sinfi uchun juda katta — 19 dyuymli yengil qotishmali disklar (235/45 o‘lchamli shinalar bilan) oladi. Kuzov dizayni yanada kvadrat va vertikal shakllarga ega bo‘lib, model yangi Hyundai Palisade’ni eslatadi. G‘ildirak bazasining ham uzaytirilishi kutilmoqda.

Foto: Rushlane.com

Dastlabki bosqichda model 1,5 litrli dvigatellar (atmosferali, turbinali va dizel) bilan taklif etiladi. Ular mexanik yoki avtomatik uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi. Biroq keyinchalik ilk bor to‘liq gibrid versiya ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Foto: Rushlane.com

Salonida esa birlashtirilgan raqamli panel — asboblar paneli va multimedia ekrani yagona blok ko‘rinishida bo‘lishi, shuningdek, kengaytirilgan ADAS xavfsizlik tizimlari joriy etilishi kutilmoqda.

Foto: Rushlane.com

Hyundai Creta uchinchi avlodining rasmiy taqdimoti 2026-yil oxirida bo‘lib o‘tishi, global savdolar esa 2027-yilda boshlanishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hyundai yirik zavodiga egalik huquqini Rossiyada qoldirgani haqida yozgandi.

Shuningdek