
Infinix yangi Infinix Note 60 Pro smartfoni uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. Qurilmaning rasmiy savdosi yaqin kunlarda boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Model Qualcomm Snapdragon 7s Gen 4 protsessorida ishlaydi. Smartfonning asosiy o‘ziga xos jihati orqa panelidagi yashirin matritsali ekran bo‘ldi. U kamera moduli yoniga joylashtirilgan. Ekran vaqt, ob-havo, batareya zaryadi, musiqa va bildirishnomalarni asosiy displeyni yoqmasdan ko‘rsatadi. Konsepsiya Nothing brendining Glyph yoritish tizimini eslatadi.

Note 60 Pro 1,5K aniqlikdagi AMOLED displey bilan jihozlangan. Yangilanish tezligi 144 Hzni tashkil etadi. Asosiy kamera – 50 MP.
Qurilmada 6 500 mAh sig‘imli batareya o‘rnatilgan. 90 Vt simli tez zaryadlash va 30 Vt simsiz zaryadlash qo‘llab-quvvatlanadi.
Smartfon 3D Ice Core VC sovutish tizimi bilan jihozlangan. Ovoz tizimi JBL sozlamalari bilan taqdim etilgan ikki karnaydan iborat.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Infinix Hot 60 Pro+ Ginnes rekordiga kirgan eng yupqa egri displeyli smartfon bo‘lgani haqida yozgan edi.