Gadjetlar

Infinix Note 60 Pro uchun oldindan buyurtmalar boshlandi

Note 60 Pro 1,5K aniqlikdagi AMOLED displey bilan jihozlangan
Infinix Note 60 Pro uchun oldindan buyurtmalar boshlandi
Foto: Notebookcheck

Infinix yangi Infinix Note 60 Pro smartfoni uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. Qurilmaning rasmiy savdosi yaqin kunlarda boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.

Model Qualcomm Snapdragon 7s Gen 4 protsessorida ishlaydi. Smartfonning asosiy o‘ziga xos jihati orqa panelidagi yashirin matritsali ekran bo‘ldi. U kamera moduli yoniga joylashtirilgan. Ekran vaqt, ob-havo, batareya zaryadi, musiqa va bildirishnomalarni asosiy displeyni yoqmasdan ko‘rsatadi. Konsepsiya Nothing brendining Glyph yoritish tizimini eslatadi.

Foto: Infinix

Note 60 Pro 1,5K aniqlikdagi AMOLED displey bilan jihozlangan. Yangilanish tezligi 144 Hzni tashkil etadi. Asosiy kamera – 50 MP.

Qurilmada 6 500 mAh sig‘imli batareya o‘rnatilgan. 90 Vt simli tez zaryadlash va 30 Vt simsiz zaryadlash qo‘llab-quvvatlanadi.

Smartfon 3D Ice Core VC sovutish tizimi bilan jihozlangan. Ovoz tizimi JBL sozlamalari bilan taqdim etilgan ikki karnaydan iborat.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Infinix Hot 60 Pro+ Ginnes rekordiga kirgan eng yupqa egri displeyli smartfon bo‘lgani haqida yozgan edi.