Kanadadagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada kamida 10 kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Gumonlanuvchi o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda
Foto: CBC

10-fevral kuni Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi maktab va turar-joyda otishma yuz berdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Global News xabariga ko‘ra, otishma oqibatida o‘z joniga qasd qilgan qotil bilan qo‘shib hisoblaganda jami o‘n kishi halok bo‘lgan. Tumbler Ridge shahridagi o‘rta maktabda mahalliy vaqt bilan soat 13:20 atrofida otishma boshlangani haqida xabar kelib tushgan. Politsiya voqea joyida olti kishining jasadini aniqlagan, yana bir kishi shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Hodisaga aloqador deb ko‘rilayotgan yaqin atrofdagi turar-joyda yana ikki kishi o‘lik holda topilgan.

Gumonlanuvchi maktab binosida o‘z joniga qasd qilgan holda topilgan bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u jigarrang sochli, ko‘ylak kiygan ayol bo‘lgan. Hujum oqibatida ikki nafar jabrlanuvchi og‘ir va hayot uchun xavfli jarohatlar bilan vertolyot orqali shifoxonaga yetkazilgan. Yana 25 kishi yengilroq jarohatlar bilan mahalliy tibbiyot markazida davolanmoqda.

Foto: The Conversation

«Biz bu fojianing nima sababdan sodir bo‘lganini tushunish bosqichida emasmiz, ammo nimalar yuz berganini aniqlashga harakat qilamiz», — dedi politsiya boshlig‘i Ken Floyd.

Kanada bosh vaziri Mark Karni ijtimoiy tarmoq orqali qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Britaniya Kolumbiyasi premyeri Devid Ebi esa hodisani «tasavvur qilib bo‘lmaydigan fojia» deb atadi. Kanadada ommaviy otishmalar AQShga nisbatan ancha kam uchraydi, chunki mamlakatda qurol nazorati qonunlari qat’iyroqdir. Tumbler Ridge o‘rta maktabi va boshlang‘ich maktabi hafta oxirigacha yopilishi e’lon qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nigeriyadagi qurolli hujumlar oqibatida 200 ga yaqin insonlar halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek