Yangiliklar

Kasbiy ta’lim muassasalari reyting asosida moliyaviy rag‘batlantirilishi mumkin

Eng yuqori o‘rinni egallagan 50 ta kasbiy ta’lim tashkiloti Davlat budjetining bazaviy hisoblash miqdorining 3 ming baravarigacha rag‘batlantiriladi
Foto: samdu.uz

O‘zbekistonda o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim uchun milliy reyting tizimi joriy qilinishi mumkin. Hujjat loyihasini Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi taqdim etgan.

Loyiha asosida milliy reyting har yili hisobot o‘quv yili yakunlariga ko‘ra shakllantiriladi. Ma’lumotlar 30-iyun holatiga tuziladi. Bitiruvchilarning bandlik darajasi o‘quv tugaganidan keyin 12 oy davomida monitoring qilinadi.

Reyting maxsus elektron platforma orqali yuritiladi. Ma’lumotlar vazirlik va idoralarning axborot tizimlari, yuklangan tasdiqlovchi hujjatlar hamda umummilliy so‘rovnoma natijalari asosida shakllantiriladi. Ta’lim tashkilotlari 1 – 15-iyul kunlari hujjatlarni platformaga yuklashi shart. Belgilangan muddatdan kechiktirilgan ma’lumotlar inobatga olinmaydi.

Baholash indikatorlar asosida amalga oshiriladi. Har bir mezon bo‘yicha eng yuqori natija maksimal ballni oladi. Qolganlar proporsional ravishda baholanadi. Ballar yig‘indisi umumiy reytingni belgilaydi. Natijalar har yili 10-oktabrgacha e’lon qilinadi.

Loyihaga ko‘ra, eng yuqori o‘rinni egallagan 50 ta kasbiy ta’lim tashkiloti Davlat budjetining bazaviy hisoblash miqdorining 3 ming baravarigacha rag‘batlantiriladi. Mablag‘larning 80 foizi moddiy-texnik bazani mustahkamlashga, 20 foizi pedagog va rahbarlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Rag‘bat olgan tashkilotlar keyingi ikki yil davomida milliy reytingda ishtirok etmaydi. Reyting natijalaridan norozi bo‘lgan ta’lim muassasalari 10 ish kuni ichida elektron tarzda murojaat yuborishi mumkin. Murojaatlar 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda yuridik ta’lim tizimi isloh qilinishi haqida yozgan edi.