Yangiliklar

Lufthansa aviakompaniyasi uchuvchilari 24 soatlik ish tashlash e’lon qildi

Kasaba uyushmalari pensiya shartlarini yaxshilashni talab qilmoqda
Lufthansa aviakompaniyasi uchuvchilari 24 soatlik ish tashlash e’lon qildi
Foto: Adobe Stock

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi uchuvchilari va bort kuzatuvchilari 12-fevral kuni 24 soatlik ish tashlash o‘tkazadi. Bu haqda DW mahalliy nashrlarga tayanib ma’lum qildi.

Kasaba uyushmalari pensiya shartlarini yaxshilashni talab qilmoqda. Shuningdek, kompaniyada rejalashtirilayotgan shtat qisqartirishlari bo‘yicha muzokara o‘tkazishni so‘ramoqda.

Ish tashlash sabab Lufthansa 12-fevral kuni qator reyslarni bekor qiladi. Parvozlar Frankfurt, Myunxen, Gamburg, Berlin va Dyusseldorf aeroportlaridan amalga oshirilmaydi.

Kompaniya moliyaviy bosim ostida. 2024-yilda Lufthansa foydasining beshdan bir qismini yo‘qotgan. Shu sabab 4 ming ish o‘rinini qisqartirish rejalashtirilgan. Shundan 800 tasi bort kuzatuvchilarga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, Lufthansa – Germaniyaning yirik milliy aviakompaniyasi. Kompaniya 1953-yilda qayta tashkil etilgan va 1955-yildan muntazam parvozlarni boshlagan. Uning bosh qarorgohi Kyoln shahrida joylashgan. Asosiy xablari Frankfurt va Myunxen aeroportlari.

Lufthansa Yevropada ham eng yirik aviaguruhlardan biri hisoblanadi. U Star Alliance alyansining asoschi a’zolaridan biri. Kompaniya yuzlab yo‘nalishlarda Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Afrika mamlakatlariga parvoz qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Germaniya fuqarolari davlat qarzini uzish uchun $147 ming mablag‘ yiqqani haqida yozgan edi.