Yangiliklar

Moliyaviy tranzaksiyalar bozorida qaysi kompaniya yetakchi

PayPal va Apple Pay ancha ortda qoldi
Foto: visa.ca

2025-yilda global moliyaviy tranzaksiyalar bozori tez sur’atlarda o‘zgarishda davom etmoqda. AQShning Visa to‘lov tizimi operatsiyalar soni bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda.

Biroq rivojlanayotgan davlatlardagi raqobatchilar bilan farq rekord darajada qisqarmoqda. Hindistonning UPI tizimi va Xitoyning UnionPay kompaniyasi yetakchiga juda yaqinlashgan.

2025-yildagi kuchlar muvozanati

E’lon qilingan infografikaga ko‘ra, yiliga amalga oshiriladigan tranzaksiyalar soni bo‘yicha dunyoning eng yirik uchta to‘lov tizimi quyidagicha:

Jadval: merchantmachine
  • Visa — 250–260 mlrd tranzaksiya bilan mutlaq yetakchi.
  • UPI (Hindiston) — 220–230 mlrd operatsiya bilan ikkinchi o‘rin.
  • China UnionPay — qariyb 220 mlrd tranzaksiya bilan uchinchi o‘rin.

Reytingda keyingi o‘rinlarni Mastercard (taxminan 200 mlrd), Alipay (150–200 mlrd) va WeChat Pay (150–180 mlrd) egalladi. Shuningdek, Braziliyaning tezkor to‘lov tizimi Pix 40–50 mlrd tranzaksiya bilan yettinchi o‘rinni egallab, PayPal va Apple Pay kabi global o‘yinchilarni ortda qoldirdi.

Osiyo va Lotin Amerikasining texnologik «sakrashi»

Mahalliy tezkor to‘lov tizimlarining muvaffaqiyati alohida e’tiborni tortmoqda. Hindistonning UPI (Unified Payments Interface) tizimi nihoyatda tez o‘smoqda va deyarli plastik karta tizimlarining asosiy raqobatchisiga aylandi. Visa va Mastercard infratuzilmasini shakllantirish uchun o‘nlab yillar sarflagan bo‘lsa, UPI davlat qo‘llab-quvvatlovi va smartfonlar orqali qulay foydalanish tufayli 10 yildan kam vaqt ichida shunga yaqin ko‘rsatkichlarga erishdi.

Avvalroq «Kursiv» Yevropa Visa va Mastercardga muqobil tizim yaratmoqchiligi haqida yozgandi.