Namanganda 20 yoshli qalbaki pulfurush qo‘lga olindi

Namangan viloyati Chortoq tumanida qalbaki banknotlarni muomalaga kiritishning oldi olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Andijon viloyati Asaka tumanida istiqomat qiluvchi, 2005-yilda tug‘ilgan shaxs «shartli xaridor»ga 200 dona 100 ming so‘mlik va 125 dona 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni, jami 45 mln so‘mlik pulni 18 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanadi.
Shuningdek, uning yonidan qo‘shimcha 5 mln so‘mlik qalbaki pullar ham topilgan. Uning yashash xonadonidan noutbuk, rangli printer, bo‘yoqlar va qog‘ozlar ham ashoviy dalil sifatida olindi.
Ma’lumot uchun, mazkur shaxs ilgari ham shunday jinoyat sodir etgani uchun sudlangan. Holat yuzasidan unga nisbatan JKning 176-modda 2-qismi «a» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangan edi.