Yangiliklar

Notariuslikka tanlov qanday tartibda o‘tkaziladi

Mazkur hujjat 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi
Notariuslikka tanlov qanday tartibda o‘tkaziladi
Foto: iStock

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Sinov ikki bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqich test sinovlari shaklida o‘tadi. Ikkinchi bosqich esa amaliy imtihondan iborat.

Tanlov haqidagi e’lon «Inson va qonun» gazetasi hamda vazirlikning rasmiy saytida joylashtiriladi. Birinchi bosqich talabgorlar ro‘yxati Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etilgan kundan 10 kun o‘tib, biroq 15 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.

Test sinovlari elektron platforma orqali topshiriladi. Savollar davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqiga oid bo‘ladi. Jami 40 ta test uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.

55 balldan yuqori natija ko‘rsatgan talabgor muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi. Agar u ikkinchi bosqichdan o‘ta olmasa, bir yil davomida testni qayta topshirishi shart bo‘lmaydi.

Ikkinchi bosqichda talabgorlar elektron platformada notarial harakatlar loyihasini tayyorlaydi va muammoli masalaga javob beradi. Tayyorlanish uchun 20 daqiqa vaqt ajratiladi.

Yakuniy bosqich natijasida to‘plangan ball eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori bo‘lsa, talabgor tanlovdan o‘tgan hisoblanadi.

Mazkur hujjat 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan notariuslar endi ijro xatlarini elektron shaklda yozishi mumkinligi haqida yozgan edi.