Olmaliqdagi o‘quvchining o‘limi qanday sodir bo‘lgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliqdagi maktab o‘quvchisi tarbiyaviy soatdan so‘ng stress oqibatida vafot etgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur To‘laganovning ma’lum qilishicha, tarqalgan ayrim xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Olmaliq shahridagi 5-sonli maktabda 9, 10 va 11-sinf o‘quvchi qizlari o‘rtasida mish-mishlar sabab kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Mazkur holat bo‘yicha maktab ma’muriyati, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari hamda ichki ishlar organlarining maktabga biriktirilgan inspektor-psixologlari ishtirokida tarbiyaviy soat o‘tkazish rejalashtirilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisi boshqa o‘quvchilar bilan birga aynan shu yig‘ilishga kelayotgan vaqtida maktabning birinchi qavat yo‘lagida o‘zini yomon his qilgan va yiqilib vafot etgan. O‘quvchi rejalashtirilgan yig‘ilishga hali kirib ulgurmagan.
«Maktabning 10-sinf o‘quvchisi marhuma, boshqa o‘quvchilar qatori, aynan ushbu yig‘ilishga kelayotgan vaqtida birinchi qavat yo‘lagida o‘zini yomon his qilgan va yerga yiqilib vafot etgan. E’tibor bering, o‘quvchi hali rejalashtirilgan yig‘ilishga kirishidan avval ushbu voqea sodir bo‘lgan», — deya qayd etgan Bobur To‘laganov.
U, shuningdek, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.
Hozirda holat yuzasidan vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Rasman tasdiqlangan ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda e’lon qilinishi bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etgani haqida yozgan edi.