O‘zbekiston guruchi sabab fermerlar kasodga uchrayapti — qirg‘izistonlik deputat

eʼlon qilindi
Qirg‘iziston 2025-yilda O‘zbekistondan 2400 tonna guruch sotib olgan
Videodan kadr: Kursiv Uzbekistan

Qirg‘iziston parlamenti deputati Burun Amanova guruch qo‘shni O‘zbekistondan kotrabanda yo‘li bilan olib kelinayotgani sabab mamlakatdagi fermerlar kasodga uchrayotgani, raqobat qilolmayotganini aytdi. Bu haqda u Jogorku Kenesh majlisida so‘z ochdi.

Deputatning aytishicha, Oq-Turpak tumanidagi fermerlar unga murojaat qilib, mamlakatga O‘zbekistondan arzon narxlarda kontrabanda guruch kiritilayotganidan shikoyat qilgan.

«Ular import qilingan guruch bilan raqobatlasha olmaydi va shuning uchun pul yo‘qotmoqda. Ularning aytishicha, import qilingan guruch Xitoydan ham bo‘lishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi bu muammoni hal qilish uchun nima qilmoqda?», — deb so‘radi Burun Amanova.

Video: 24.kg

Bosh vazir o‘rinbosari va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Baqit Torobayev guruch kontrabandasi haqida birinchi marta eshitayotganini aytdi.

«Men chegarachilar bilan gaplashaman va bizda fitosanitariya monitoringi ham bor, shuning uchun biz bu sohadagi sa’y-harakatlarimizni kuchaytiramiz. Shuni ham ta’kidlashni istardimki, yaqinda O‘zbekiston vaziri menga murojaat qilib, tanqislik tufayli 32 ming tonna guruchimizni so‘radi. Men unga bu miqdorni ta’minlay olmasligimizni aytdim», — deya qo‘shimcha qildi Baqit Torobayev.

Qirg‘iziston o‘z guruchi bilan mashhur bo‘lsa-da, aholi ehtiyojini to‘liq qoplash uchun hamon importga tayanadi. 2025 yilning birinchi yarmida guruch importi 48 foizga oshgan. Yillik hisobda mamlakatga taxminan 12 ming–15 ming tonna guruch olib kirilgan (asosan Qozog‘iston, Rossiya, Pokiston va Hindistondan).

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2025-yilda 14,8 ming tonna guruch eksport qilgan. O‘zbek guruchining asosiy xaridorlari qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondir. Qozog‘iston guruchning yarmidan ko‘pini — 8000 tonnani sotib oldi. Undan keyin Tojikiston 3400 tonna va Qirg‘iziston 2400 tonna guruch sotib oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda deputat O‘zbekiston va Qozog‘iston suv uchun pul to‘lamayotganidan noligandi.

Shuningdek