Qamchibek Tashiyev ishdan olinganiga munosabat bildirdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod qilinganiga munosabatini bildirib, prezidentning bu qarori o‘zi uchun «kutilmagan» bo‘lganini aytdi.
Tashiyevning ma’lum qilishicha, u 2021-yilda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun prezident Sadir Japarovdan ruxsat olib, Germaniyaga ketgan. U lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni kutmaganini aytgan.
«Men davlatimizga, xalqimizga va prezidentimizga sharaf bilan xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Ammo bir narsadan afsuslandim: menga xodimlarim bilan xayrlashish imkoniyati berilmadi. Men MXDQning har bir xodimiga minnatdorlik bildiraman va ularga muvaffaqiyat tilayman», — degan u.
Qo‘mitaning sobiq rahbari so‘zining so‘nggida fuqarolarni qonunga bo‘ysunishga va noqonuniy faoliyatdan qochishga chaqirdi, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash muhimligini ta’kidladi.
10-fevral kuni Tashiyev bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qilindi. Tegishli farmonni prezident Sadir Japarov imzoladi.
Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, «bu qadamning asosiy maqsadi davlat birligini mustahkamlash va jamiyatda, jumladan, davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishlarning oldini olish bo‘lgan».
Biroq, keyinchalik prezident matbuot kotibi keskinlik Tashiyevning xatti-harakatlari tufayli emas, balki uning yaqin doirasidagi odamlar tomonidan yuzaga kelganini qayd etdi, ular deputatlarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni general tomonini olishga va yangi prezidentlik saylovlarini boshlashga chaqirishgan.
Uning iste’fosi ortidan prezidentning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi buyrug‘i ham imzolandi. Unga ko‘ra, Chegara xizmati qo‘mita tarkibidan alohida idora sifatida ajratiladi, qo‘mitaning 9-xizmati esa mamlakat prezidentiga bo‘ysunuvchi Davlat qo‘riqlash xizmatiga aylantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.