Gadjetlar

Qaysi smartfonlar brendi uzoqroq xizmat qiladi

Counterpoint Research tahliliga ko‘ra, dunyodagi har to‘rtta smartfondan biri iPhone
Qaysi smartfonlar brendi uzoqroq xizmat qiladi
Foto: Idrees Mohammed/AFP/Getty Images

2025-yilda dunyo bo‘yicha faol ishlatilayotgan smartfonlar soni 2 foizga oshdi. Bu haqda Counterpoint Research ma’lum qildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, foydalanuvchilar telefonni avvalgidan uzoqroq ishlatmoqda va qurilmalarni almashtirish davri deyarli to‘rt yilga yetgan. Shuningdek, ikkilamchi bozorda qayta foydalanilayotgan qurilmalar ulushi ham oshgan.

Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda sakkizta yirik smartfon ishlab chiqaruvchining har biri 200 milliondan ortiq faol qurilmaga ega bo‘lgan. Ular jami global faol smartfonlar bazasining 80 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Faqat ikki kompaniya, Apple va Samsung 1 mlrddan ortiq faol qurilma ko‘rsatkichidan o‘tgan.

Grafik: Counterpoint Research

Apple dunyoda yetakchi o‘rinni egalladi. Hozir har to‘rt faol smartfondan biri iPhone hisoblanadi. 2025-yilda Apple yangi qo‘shilgan qurilmalar soni bo‘yicha keyingi yetti yirik brendning umumiy natijasidan ham ko‘proq ko‘rsatkich qayd etgan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu kuchli iOS ekotizimi va foydalanuvchilar sodiqligi bilan bog‘liq.

Samsung ikkinchi o‘rinda bo‘lib, global faol bazaning qariyb beshdan bir qismini egallagan. Kompaniya keng model qatori va global bozordagi uzoq yillik tajribasi bilan o‘z pozitsiyasini saqlab qolmoqda. Apple va Samsung birgalikda 2025-yilda global faol smartfonlar bazasining 44 foiziga egalik qilgan.

200 mlndan ortiq faol qurilmaga ega bo‘lgan keyingi guruhga Xiaomi, Oppo va Vivo kiradi. Ular o‘rta va o‘rta-yuqori segmentdagi kuchli modellari orqali katta auditoriya to‘plagan. Transsion esa Yaqin Sharq, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda arzon modellari bilan o‘sishga erishgan. HONOR 200 mlndan oshgan eng yangi brend bo‘ldi. Motorola va realme ham ushbu marraga yaqinlashmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, kelajakda ishlab chiqaruvchilar yetkazib berish hajmidan ko‘ra foydalanuvchini uzoq muddat ushlab turishga e’tibor qaratishi kerak. Premium segment muhim bo‘lib qolmoqda, chunki qimmat telefonlar uzoqroq ishlatiladi. Biroq 2025-yilda Apple va Samsungdan tashqari olti brend premium segmentda atigi bir xonali ulushga ega bo‘lgan.

Apple Siri’ning yangilangan versiyasini fevral oyida taqdim etadi
Foto: Investopedia

Sun’iy intellekt davrida farqlanish ko‘proq dasturiy ta’minot va ekotizimga bog‘liq bo‘lmoqda. Qurilmadagi AI funksiyalar, kamera imkoniyatlari va xizmatlar foydalanuvchi sodiqligini oshirmoqda. Apple xizmatlar orqali yuqori marjali daromad olishda yetakchi bo‘lib qolmoqda.

Umuman olganda, global smartfon bozorida asosiy kuch uzoq muddatli foydalanuvchi bazasini kengaytirishga qaratilmoqda. Endilikda har bir smartfon nafaqat qurilma, balki uzoq muddat daromad keltiruvchi platformaga aylanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 va S26 Plus flagmanlari qanday xususiyatlarga egaligi haqida xabar berilgandi.