
Atoqli davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Kallibek Kamalov 11-fevral kuni 100 yoshida vafot etdi. Shavkat Mirziyoyev marhumning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Kallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. 1955-yilda Nukus davlat universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini yoshlar tashkilotida boshlab, keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari va Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan.
U turli yillarda kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, partiya qo‘mitasi kotibi bo‘lib faoliyat yuritgan. 1959–1963-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, 1963–1984-yillarda esa partiya qo‘mitasining birinchi kotibi sifatida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. 1984–1986-yillarda diplomatik faoliyat bilan ham shug‘ullangan.
Uning rahbarligida qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilgan. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etgan.
Kallibek Kamalov «Shuhrat» medali va «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.
Biundan oldin «Kursiv» nashri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinov vafot etgani haqida yozgandi.