Yangiliklar

Rossiyada YouTube to‘liq bloklashni boshladi

Video xosting domeni milliy DNS tizimidan olib tashlangani sababli servis VPN’siz ishlamay qoldi
Foto: Chris Ratcliffe / Bloomberg

Roskomnadzor 1,5 yillik sekinlashtirish jarayonidan so‘ng YouTube’ni Rossiya hududida to‘liq bloklashni boshladi. Bu haqda The Moscow Times xabar bermoqda.

Yangi cheklov usuli sayt manzilini IP-manzil bilan bog‘lashga to‘sqinlik qiladi, natijada foydalanuvchilar xatolik xabarini oladi. Bloklash uchun 2021-yildan beri barcha aloqa operatorlari uchun majburiy bo‘lgan Milliy domen nomlari tizimi (NSDI) qo‘llanilmoqda.

«Ushbu tizim regulyatorga saytlarga kirishni markazlashgan holda boshqarish imkonini beradi», – dedi «Ultiatek» infratuzilma integratori boshqaruvchi direktori Jemali Avalishvili RBK nashriga bergan intervyusida.

Mustaqil telekom-ekspert Aleksey Uchakinning so‘zlariga ko‘ra, YouTube’ning bloklanishi Telegramga qarshi cheklovlarning kuchayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. Mutaxassisning fikricha, provayder tarmoqlaridagi trafikni filtrlash uskunalari quvvati bir vaqtning o‘zida ikki yirik servisni sekinlashtirishga yetmayapti.

Foto: Dmitriy Feoktistov / TASS

Mutaxassislar ushbu bloklash usulini «DNS’ni o‘zgartirish yoki trafikni tunnellash» orqali aylanib o‘tish mumkinligini ta’kidlamoqda. YouTube’ning infratuzilmasi va kontent yetkazib berish tarmoqlari ishlashda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada YouTube sekinlashishi 2024-yil iyul oyida boshlangan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida sekinlashuvga qaramay, servisdan 65,9 million rossiyalik foydalangan bo‘lib, u «VK Video»dan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan YouTube Premium foydalanuvchilari uchun yangi funksiyasini ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.