Toshkentda ijara uyini narkolaboratoriya qilgan talabalar va 9 «zakladchik» ushlandi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tezkor tadbir davomida ijarada yashagan ikki yosh fuqaro uyida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari o‘tkazgan tadbirda 2007-yilda tug‘ilgan qiz va 2003-yilda tug‘ilgan talaba yigit sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlab kelgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular 2025-yil sentabrdan buyon Telegram’dagi narkodo‘kon orqali kuratorlar topshirig‘i asosida prekursorlar tayyorlash va mefedron ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Xonadondan 1 kilogramm mefedron hamda narkolaboratoriya uchun zarur asbob-uskunalar daliliy ashyo sifatida olingan.
Tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan yigitning telefoniga kelgan geolokatsiya asosida Yangihayot tumanidagi dala maydonidan yana 1 kilogramm sintetik giyohvandlik vositasi topildi. Shuningdek, Toshkent shahri hududida «zakladka» usulida giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgan 9 nafar shaxs ushlandi. Ulardan uch nafari poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari ekani aniqlangan.
Tezkor tadbirlar natijasida jami 2 kilogramm, ya’ni taxminan 10 ming dozaga teng sintetik giyohvandlik vositalarining tarqalishining oldi olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning 3 ta kodeksiga o‘zgartirish kiritish taklif qilinayotgandi. Qonunchilik palatasi majlisida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.