
Bugun, 11-fevral kuni Toshkent shahridagi «Novza» metro bekati yaqinida joylashgan savdo majmuasining tom qismida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa to‘g‘risida xabar kelib tushgach, qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Binoda bo‘lgan barcha fuqarolar xavfsiz tarzda evakuatsiya qilingan.
Ushbu holat soat 18:19 da to‘liq bartaraf etildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
«Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko‘chasida joylashgan savdo majmuasi tom qismida 30 pogonometrda elektr kabelining qizishi natijasida quyuq tutun hosil bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha yong‘in sodir bo‘lmagan. Hodisa joyiga qutqaruv bo‘linmalari soat 18:03 da yetib borgan va vaziyat oqibati qisqa vaqtda bartaraf etilgan», — deyiladi vazirlik izohida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Angrenda ko‘p qavatli uydagi yong‘inda bir kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.