
Toshkent xalqaro aeroportida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti — xususan, kuchli chaqmoq va momaqaldiroq sabab bir nechta xalqaro reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Jumladan, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Male – Toshkent yo‘nalishidagi HY3526 reysi ekipaji xavfsizlik nuqtai nazaridan Samarqand aeroportiga qo‘nishga qaror qildi. Shuningdek, Ostona – Toshkent yo‘nalishida parvoz qilayotgan HY722 reysi ham Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, China Southern Airlines aviakompaniyasining Pekin – Toshkent yo‘nalishidagi CSN6027 reysi Bishkek aeroportiga qo‘nishga qaror qilgan.
Ma’lum qilinishicha, ekipajlar qarori parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Ob-havo sharoiti barqarorlashgach, reyslar belgilangan manzilga davom etishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dunyoda eng ko‘p samolyotni kim sotib olayotgani haqida yozgandi.