Kino va seriallar

«Uzoq shahar» serialidagi eng murakkab qahramon kim

Voqealar markazida Albora oilasi turadi
«Uzoq shahar» serialidagi eng murakkab qahramon kim
Foto: Yeniçağ Gazetesi

«Uzoq shahar» («Uzak Şehir») serialidagi voqealar markazida Albora oilasi turadi va har bir qahramon o‘zining ichki kurashi bilan esda qoladi. Biroq eng murakkab va ikki tomonlama talqin qilinadigan obraz bu Jihan Albora. Uni Ozan Akbaba ijro etadi.

Jihan Mardin chegarasida katta yer-mulkka ega Albora oilasining amaldagi rahbari. U sovuqqon, hisob-kitobli va qaror qabul qilishda hissiyotdan ko‘ra mantiqqa tayanadigan inson. Ammo aynan shu xususiyat tomoshabinni ikkiga bo‘ladi: kimdir uni kuchli lider deb biladi, kimdir esa haddan tashqari qattiqqo‘l deb hisoblaydi.

Foto: Maraş Ana Haber

Jihan oilaning sha’ni va tartibini hamma narsadan ustun qo‘yadi. Akasi Boran Istanbulda boshqa hayotni tanlagach, oilaning og‘ir yukini ko‘tarish unga tushadi. U qarindoshlari, yer-mulk va yillar davom etgan dushmanliklar orasida muvozanat saqlashga harakat qiladi. Tomoshabin ba’zan unga achinadi, chunki u o‘z xohishidan ko‘ra majburiyat bilan yashaydi. Shu bilan birga, uning ayrim qarorlari Alya va boshqalarga og‘riq keltirgani uchun unga nisbatan g‘azab ham uyg‘onadi.

Serialning emotsional markazi esa Alya Albora. Uni Sinem Ünsal ijro etadi. Alya Kanada hayotidan kelib, erining vasiyatini bajarish uchun o‘g‘li bilan Albora yerlariga qaytadi. U mustaqil, qat’iyatli va erkinlikni qadrlaydigan ayol. Biroq an’anaviy, qat’iy qoidalar bilan yashaydigan oilaga tushib qolishi uni doimiy bosim ostida qoldiradi. Alyaning kurashi bu nafaqat oila bilan, balki o‘z ichki qo‘rquv va shubhalari bilan ham kurash hamdir.

Albora Ailesi'ne Yakışır Bir Düğün - Uzak Şehir 6. Bölüm (SON SAHNE)

Sadakat Albora ham murakkab obrazlardan biri. U oilaning onasi, an’analarni himoya qiluvchi qat’iy ayol. O‘zi bu mavqega oson kelmaganini bilgan holda, u qoidalarni buzishni kechirmaydi. Uning qattiqligi ortida qo‘rquv va yo‘qotish hissi yashiringan. Shu sababli tomoshabin uni ham faqat salbiy deb baholay olmaydi.

Ejmel Albora va Demir Baybars esa ochiq konfliktni kuchaytiruvchi obrazlar. Ejmel hokimiyat va kuchni sevadi, maqsad yo‘lida har narsaga tayyor. Demir esa o‘tmishdan kelgan nafrat bilan yashaydi va hissiyotini boshqara olmaydi. Ularning harakatlari voqealarni keskinlashtiradi va Jihanning qarorlarini yanada og‘irlashtiradi.

Ejmel Albora va Demir Baybars / Foto: IMDb

Agar eng murakkab qahramon tanlansa, ko‘pchilik Jihan Albora deydi. Chunki u na to‘liq qahramon, na to‘liq yovuz. U majburiyat va his-tuyg‘u o‘rtasida qolgan inson. Aynan shu ichki ziddiyat «Uzoq shahar»ni oddiy oilaviy dramadan chuqur psixologik hikoyaga aylantiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nega «Uzoq shahar» eng ko‘p tomosha qilinayotgan serialga aylangani haqida yozgandik.