
Leapmotor kompaniyasining yangi Leapmotor A10 modeli bo‘yicha rasmiy tafsilotlar e’lon qilindi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. To‘liq elektr ixcham SUV joriy yilning birinchi choragida savdoga chiqadi. Oldindan buyurtmalar allaqachon boshlangan.
Regulyator hujjatlariga ko‘ra, A10 ikki xil batareya variantida taklif etiladi. 39,8 kVt/soat sig‘imli akkumulyator 403 km masofa ta’minlaydi. 53 kVt/soat batareya esa zaxirani 505 km gacha oshiradi. Ko‘rsatkichlar CLTC sikli bo‘yicha berilgan.

Model tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Batareyani 30 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish uchun 16 daqiqa yetarli.
Tashqi ko‘rinishda «Texnologik tabiiy estetika 2.0» uslubi qo‘llanilgan. Avtomobil uzunligi 4270 mm, g‘ildirak bazasi 2605 mm. Xaridorlarga oltita yorqin kuzov rangi taklif etiladi.
Texnik jihatdan A10 90 kVt yoki 121 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlanadi. Shuningdek, modelda lidar tizimi va Qualcomm’ning aqlli boshqaruv hamda multimedia chiplaridan foydalaniladi.

Kompaniya 2026-yilda 1 mln dona savdo qilishni maqsad qilgan. Bu o‘tgan yilgi 600 ming natijadan qariyb 70% ko‘p. A10 modeli ushbu rejada muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor kompaniyasi 4 ta yangi elektromobilni sotuvga chiqarishi haqida yozgan edi.