Yuk ko‘tarish qurilmalari majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi

Hukumat qarori bilan yuk ko‘tarish qurilmalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yangi o‘rnatilgan, modernizatsiya qilingan yoki kapital ta’mirlangan yuk ko‘tarish qurilmalari foydalanishga topshirilishidan oldin majburiy tarzda to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Amalda foydalanilayotgan qurilmalar kamida har yili bir marta qisman, har uch yilda bir marta esa to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tishi shart.
Texnik ko‘riklar qurilma egasining yozma yoki elektron murojaati bilan, maxsus tashkilot tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Mazkur sohada vakolatli davlat organi etib Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 50 yildan oshgan avtomobillar uchun yangi qoidalar qanday ishlashi haqida xabar bergan edik.