Avto

BYD Han L avtomobilining yangi versiyasi qanday o‘zgardi

11-fevral kuni e’lon qilingan yangilanish 29 ta yangi funksiya va 6 ta optimizatsiyani ham o‘z ichiga oladi
BYD Han L elektromobilining yangi versiyasi qanday o‘zgardi
Foto: BYD

Xitoyda BYD Han L sedanining plagin-gibrid DM versiyasi to‘rtinchi OTA yangilanishidan so‘ng qo‘shimcha elektr yurish zaxirasiga ega bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. 11-fevral kuni e’lon qilingan yangilanish 29 ta yangi funksiya va 6 ta optimizatsiyani ham o‘z ichiga oladi.

Yangilanishdan so‘ng DM versiyasida «Long Range» rejimi paydo bo‘ldi. Old g‘ildirakdan tortuvchi (FWD) variant bu tugma orqali CLTC sikli bo‘yicha 25 km qo‘shimcha sof elektr masofa oladi. Natijada umumiy elektr yurish zaxirasi 225 km’ga yetadi.

To‘liq uzatmali (AWD) versiyada esa elektr masofa 15 km’ga oshadi. Ikki elektromotorli 400 kVt quvvatga ega variant 195 km’gacha benzin dvigatelisiz harakatlana oladi. Model 29,46 kVt·soat sig‘imli LFP batareyaga ega.

Foto: BYD

To‘rtinchi OTA yangilanishi bilan DiPilot 5.0 haydovchiga yordam tizimi ham joriy etildi. U kuchaytirilgan o‘qitish asosidagi «end-to-end» modelga tayangan. Avtomobil parallel parkovkada yo‘nalishni o‘zgartira oladi. Haydovchi uzoq vaqt rulni ushlamasa, mashina xavfsiz joyga to‘xtaydi.

Model Midea maishiy texnikalari bilan integratsiya qilinadi. Shuningdek, Harmony OS 6.0 asosidagi Huawei telefonlari, hamda Samsung va Oppo qurilmalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Head-up displey, xotira funksiyalari va boshqa yangilanishlar ham qo‘shilgan.

Han L sedanining o‘lchamlari 5050/1960/1505 mm, g‘ildirak bazasi 2970 mm. Ichki qismida 15,6 dyuymli sensorli ekran, 10,25 dyuymli raqamli panel va head-up displey mavjud.

Foto: BYD

Modelning to‘liq elektr versiyasi 1000V tizimiga ega. Orqa g‘ildirakdan tortuvchi variant 500 kVt quvvat ishlab chiqaradi va 0–100 km/soat tezlanishi 5,5 soniya. CLTC bo‘yicha 701 km masofa taklif etadi. AWD versiya esa 1 086 ot kuchiga ega bo‘lib, 100 km/soatga 2,7 soniyada chiqadi. Batareya sig‘imi 83,21 kVt/soat, yurish zaxirasi 601 km.

Plagin-gibrid versiyada 1,5 litrli dvigatel 115 kVt quvvat ishlab chiqaradi. U bir yoki ikkita elektromotor bilan ishlaydi. Eng kuchli AWD varianti 0–100 km/soatga 3,9 soniyada tezlanadi.

Xitoyda narxlar taxminan $30,3 mingdan $40,4 minggacha belgilangan. Statistikaga ko‘ra, Han L Xitoyda 26 ming dona sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Denza Z9 elektromobili qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.