BYD kompaniyasi O‘zbekistonda yana bir modelini ro‘yxatdan o‘tkazdi

BYD kompaniyasiga tegishli navbatdagi avtomobil brendi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va kompaniyaga tegishli guvohnoma taqdim etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
BYD yirik elektromobil va akkumulyator ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya 1995-yilda Xitoyda mobil telefonlar uchun batareyalar ishlab chiqaruvchi korxona sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik u avtomobil sanoatiga kirib kelib, bugungi kunda elektromobillar, yuk transport vositalari hamda energiya saqlash tizimlarini ishlab chiqarmoqda. BYD mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlariga eksport qilinadi.
Mutasaddilarga ko‘ra, brendni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish kompaniya mahsulot va xizmatlarining huquqiy himoyasini ta’minlaydi, bozordagi mavqeini mustahkamlaydi hamda iste’molchilar ishonchini oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasining «Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, tovar belgisi guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi. Shuningdek, tovar belgisi birinchi bo‘lib ariza topshirgan shaxs nomiga rasmiylashtiriladi.
Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizani Adliya vazirligining im.adliya.uz portali orqali topshirish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Han L avtomobilining yangi versiyasi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.