Avto

Chery yoki Zeekr: narxini yaxshi saqlaydigan avtomobillar qaysi

Eng kam qiymat yo‘qotgan model Toyota RAV4
Chery yoki Zeekr: pulini yaxshi saqlaydigan avtomobillar qaysi
Rasm SI yordamida tahrirlangan

«Avtostata» rahbari Sergey Tselikov 2023 va 2025-yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan 20 ta mashina narxini solishtirib, uzoq vaqtga qiymatini saqlaydigan avtomobillarni e’lon qildi.

2026-yil yanvar oyidagi tahlillarga ko‘ra, Rossiyada eng kam qiymat yo‘qotgan model Toyota RAV4 bo‘ldi. U ikki yilda atigi 6% arzonlashgan. Shuningdek, Chery Tiggo 4 Pro, LADA Niva Legend va Toyota Camry ham qiymatini nisbatan yaxshi saqlagan.

Foto: newsroom.toyota.eu

O‘rta natija ko‘rsatganlar orasida Xitoy krossoverlari va mahalliy avtomobillar bor. Ular odatda ikki yilda 20 – 30% atrofida arzonlashgan. Bu Xitoy avtomobillari tez qadrsizlanadi degan eski qarash to‘liq to‘g‘ri emasligini ko‘rsatadi. Hammasi model va talabga bog‘liq.

Eng ko‘p qadrsizlanganlar esa gibrid va elektromobillar bo‘ldi. Masalan, Lixiang L7 va Voyah Free ikki yilda qiymatining uchdan bir qismini yo‘qotgan. Zeekr 001 esa qariyb 40 foizga arzonlashgan. Ikkilamchi bozorda bunday mashinalarga ehtiyotkor munosabat ularning narxiga ta’sir qilmoqda.

Zeekr
Foto: Zeekr

Umuman olganda, budjetga yaqin avtomobillar odatda kamroq qadrsizlanadi. Biroq bu doimiy qoida emas. Bunda eng muhim omillar brend obro‘si, modelning ommabopligi va barqaror talab. Yangi avtomobil xarid qilayotganda nafaqat narx va komplektatsiya, balki uning ikki yildan keyingi qiymatini ham hisobga olish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Chery QQ3 modeli uch soatda 27 mingdan ortiq buyurtmalar olgani haqida ma’lumot berilgandi. CLTC sikliga ko‘ra, avtomobil 280 km dan 401 km gacha masofani bosib o‘ta oladi. Sotuvlar mart oyi boshida boshlanib, oy oxiridan ilk avtomobillar yetkazib berilishi rejalashtirilgan.