
Chiqindidan qarzdor 199 ming abonentga elektr cheklovi qo‘yildi. Chiqindilarni boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 5-fevral holatiga jami 108,9 mlrd so‘m qarzdorlik mavjud bo‘lgan.
Shu sabab 1 mlndan ortiq abonentlar «2100» qisqa raqamidan SMS orqali ogohlantirildi. Ularga qarzni to‘lash uchun 5 kun muddat berilgan. Bu davrda 12,7 mlrd so‘m to‘lov amalga oshirilgan.
Shunga qaramay, 15,8 mlrd so‘m qarzdorlik saqlanib qolgan. Natijada 198,9 ming nafar abonentning elektr energiyasi uchun to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Qarzdorlik to‘langach cheklov darhol bekor qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlar haqidagi ma’lumotlar har oyning 3-sanasiga qadar «Toza makon» tizimidan «Hududiy elektr tarmoqlari» billing tizimiga uzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Yangi markaz Yadro fizikasi instituti huzuridagi mavjud radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida tuziladi.