Yangiliklar

Demokrat.uz rahbari pora bilan ushlandi

U avtosalonlardan birining faoliyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterialni tarqatmaslik uchun pul so‘ragan
Foto: Instagram

Demokrat.uz internet nashri rahbari Fazlidinxon Mehmonov pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2025-yilning 15-dekabr kuni gumonlanuvchilardan biri, blogerlik faoliyatini yurituvchi G‘oipnazarov Aziz Abdulla o‘g‘li Sergeli tumanida joylashgan avtosalonlardan birining faoliyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterial tayyorlab, internet tarmog‘ida joylashtirgan. Shundan so‘ng Demokrat.uz rahbari Mehmonov, G‘oipnazarov tomonidan tayyorlangan videolavhani ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirish hamda ushbu nashr tomonidan tayyorlangan, tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi alohida videolavhani OAVda joylamaslik evaziga, tovlamachilik yo‘li bilan jabrlanuvchidan jami $50 ming dollar talab qilgan.

Mehmonov jabrlanuvchidan joriy yilning 29-yanvar kuni $3 mingni olib, so‘ng joriy yilning 10-fevral kuni 17 ming dollarni olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu normaga asosan, unga oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Taftish.uz nashrining jurnalistlari qo‘lga olingandi. Keyinchalik nashr faoliyati bo‘yicha yangi tergov tafsilotlari ochiqlandi.