Farg‘onada yirik firibgarlik guruhi fosh etildi

eʼlon qilindi
34 kishidan iborat
Farg‘onada yirik firibgarlik guruhi fosh etildi / Foto: Pexels.com

Farg‘ona viloyatida xalqaro miqyosda katta miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan 34 kishilik jinoiy guruh fosh qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Guruh 40 yoshli fuqaro boshchiligida Farg‘ona va Toshkent shaharlarida «Call-markaz» nomi ostida faoliyat yuritgan va Rossiyadagi dorivor vositalar hamda biologik qo‘shimchalar sotuvchi tashkilotlarning mijozlari ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.

Ular SIP telefoniya va Zoiper ilovalari orqali keksa shaxslarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini bank xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili sifatida tanishtirgan va kompensatsiya olish uchun pul o‘tkazishlarini talab qilgan. Natijada jabrlanuvchilar jami salkam 9,6 mln rubl ($124,5 ming) mablag‘ni o‘tkazib bergan.

Shuningdek, guruhning 3 a’zosi O‘zbekiston qonunchiligiga zid ravishda, litsenziyasiz, taxminan $470 mingga yaqin kriptoaktivlar savdosini amalga oshirgan.

Yozyovon tumani sudi tomonidan jinoiy guruh a’zolari JKning bir necha moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Ularning 21 nafari 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilindi. Qolgan 13 nafariga 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha ozodlikni cheklash jazosi belgilandi va jarimalar qo‘llandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 20 yoshli qalbaki pulfurush qo‘lga olingan edi.

Shuningdek