Yangiliklar

Fransiyada bolalar suti bilan bog‘liq o‘lim holatlari yuzasidan tergov boshlandi

Uchinchi go‘dakning o‘limi yuzasidan ham surishtiruv ishlarini boshlagan
Foto: depositphotos.com

Fransiyada sifatsiz bolalar suti bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tergov kengaytirilmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, rasmiylar uchinchi go‘dakning o‘limi yuzasidan ham surishtiruv ishlarini boshlagan.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, vafot etgan chaqaloq avvalroq sotuvdan qaytarib olingan sutli aralashmani iste’mol qilgan. Biroq hozircha mahsulot va o‘lim holati o‘rtasida bevosita bog‘liqlik borligi rasman tasdiqlanmagan.

So‘nggi haftalarda yana ikki nafar go‘dakning vafoti yuzasidan Bordo va Anje shaharlari prokuraturalari tomonidan alohida tergov harakatlari olib borilmoqda. Uchinchi holat qaysi hududda tekshirilayotgani ochiqlanmagan.

Mazkur vaziyat «Nestle SA», «Danone SA» va «Groupe Lactalis» kabi yirik ishlab chiqaruvchilarga ham taalluqli bo‘lib, kompaniyalar ayrim mahsulotlarini bozordan qaytarib olgan. Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi organlari toksinlar bo‘yicha yangi, yanada pastroq me’yorlarni tavsiya qilganidan so‘ng, bir qator davlatlarda ham mahsulotlar savdodan olib tashlangan.

Mutaxassislar ehtimoliy sabab sifatida sereulid toksinini ko‘rsatmoqda. Ushbu modda bolalar ozuqasiga qo‘shiladigan araxidon kislotasi moyi (ARA) tarkibida uchrashi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, mazkur xomashyo Xitoyning «Cabio Biotech Wuhan Co» kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan. Biroq ishlab chiqaruvchilar zaharlanish manbasini rasman tasdiqlamagan.

Voqealar ortidan «Nestle» aksiyalari qariyb 3 foizga, «Danone» aksiyalari esa 3,6 foizga arzonlashgan. Shuningdek, qaytarib olingan sutli aralashmani iste’mol qilgani taxmin etilgan 14 nafar chaqaloq shifoxonaga yotqizilib, davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Ularning holati bilan sereulid toksini o‘rtasidagi bog‘liqlik ham hozircha tasdiqlanmagan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Lactalis toksin tufayli O‘zbekistondan Picot bolalar aralashmasini qaytarib olishi haqida yozgandi.