Haydovchilarning dam olish rejimini buzganlik uchun jarima joriy etildi

eʼlon qilindi
4 mln 120 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi
Transport
Foto: Transport vazirligi

Uzoq masofali tashuvlarda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan yangi qonunda keltirildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 113−1-modda bilan to‘ldirildi. Endilikda xalqaro va shaharlararo yo‘lovchi hamda yuk tashish jarayonida haydovchining belgilangan ish va dam olish tartibiga rioya qilmasligi BHMning 7 baravari – 2 mln 884 ming so‘m miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzgan mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari – 4 mln 120 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslarga taxograf o‘rnatilgan bo‘lib, u haydovchining ish vaqti, dam olish vaqti, tezligi hamda bosib o‘tgan masofasini qayd etadi. Qurilmani o‘chirib boshqarish uchun javobgarlik mavjud edi, biroq undagi ma’lumotlarga asoslanib dam olish rejimini buzganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmagandi.

Yangi tartibga ko‘ra, haydovchining ish vaqti 9 soatdan oshganda yoki 400 km va undan ortiq masofaga tashuv amalga oshirilganda, mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, qonun bilan bir xil turdagi huquqbuzarliklar uchun turlicha jarimalar qo‘llanishining oldini olish hamda fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlashga qaratilgan me’yorlar belgilandi. Jumladan, yo‘lovchilarni chiptasiz tashish, tashuvchining majburiy fuqarolik javobgarligi sug‘urtasini rasmiylashtirmaslik holatlari bo‘yicha jarimalarning aniq miqdori ko‘rsatib qo‘yildi.

Mazkur qonun 2026-yil 10-maydan kuchga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda taksi uchun ommabop model Cobalt bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek