
Isroil AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan tashabbus bilan Tinchlik Kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu 11-fevral kuni Vashingtonga tashrif buyurib, Tramp va Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi. Uchrashuvdan keyin e’lon qilingan fotosuratlarda Netanyaxuning imzosi bilan Isroil kengashga qo‘shilganligi tasdiqlandi.
BMT Xavfsizlik Kengashi noyabr oyida qabul qilgan rezolyutsiyasiga binoan, kengash va unga a’zo davlatlar G‘azoda xalqaro barqarorlik kuchini tashkil etish huquqiga ega bo‘ldi. Bu hududda oktabr oyida Isroil va Hamas tomonidan tinchlik kelishuvi qabul qilingan edi.
Trampning G‘azo rejasiga muvofiq, kengash G‘azoning vaqtinchalik boshqaruvini nazorat qilishi lozim edi. Keyinchalik esa kengash global nizolarni hal qilishga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Kengashning birinchi yig‘ilishi 19 fevralda Vashingtonda bo‘lib, G‘azoning qayta tiklanishi masalalari muhokama etiladi.
Ekspertlar falastinlik vakilni o‘z ichiga olmagani sabab mazkur kengashning tuzilishini tanqid qilmoqda. Shuningdek, oktabr oyidagi G‘azoga tinchlik kelishuvi ham ko‘p marotaba buzilgan. Kelishuvdan so‘ng ham kamida 580 falastinlik va 4 isroillik askar halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil G‘azo urushi qurbonlari 70 mingdan oshganini tan olgan edi.