Italiya migratsiyani cheklash maqsadida dengiz nazoratini kuchaytirdi

Italiya hukumati migrantlar oqimini nazorat qilish maqsadida dengiz blokadalari to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
11-fevral kuni qabul qilingan qonun mamlakat hududiy suvlarida «favqulodda bosim» paytida migrant qayiqlarining kirishini to‘xtatishga imkon beradi va noqonuniy migratsiyani nazorat qilish choralarini kuchaytiradi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, hukumat jamoat tartibi yoki milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid bo‘lganda, qayiqlarni olti oygacha hududiy suvlariga kiritmasligi mumkin. Qonunni buzganlar 50 ming yevrogacha jarima to‘laydi. Takroriy qoidabuzarliklarda qayiqlar musodara qilinadi.
Bosh vazir Giorgia Meloni va uning koalitsiyasi xayriya tashkilotlarining qutqaruv kemalaridan foydalanishini migrantlarni dengizga chiqishga rag‘batlantiruvchi omil deb baholamoqda. Shu bilan birga, markaziy chap muxolifat qonunni tanqid qilib, repressiv yondashuv muammoni hal qilmasligini aytmoqda.
Yevropa parlamenti qabul qilgan yangi qoidalarga binoan, agar boshpana so‘rovchisi boshqa xavfsiz davlatda himoya olishi mumkin bo‘lsa, a’zo davlatlar uni qabul qilmaslik huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya migrantlarga yana bitta talab qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.