
Kia EV6 egasi besh yil ichida 530 ming km’dan ortiq masofa bosib o‘tgan va batareya sig‘imi 91,3 foiz darajada saqlanib qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Tarantas News» xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil 2021-yildan buyon faol ishlatilgan. Egasi yo‘lovchi tashish sohasida ishlaydi. U yiliga o‘rtacha 120 ming km yo‘l bosgan. Kundalik rejim 500 km’gacha masofani va 4–6 marta tezkor quvvatlashni o‘z ichiga olgan.
Model 77 kVt/soat sig‘imli batareya va 800 voltli arxitekturaga ega. U 350 kVtgacha quvvatni qo‘llab-quvvatlaydi. Haydovchi odatda 10–15 daqiqalik qisqa quvvatlash seanslarini tanlagan. Ko‘pincha batareyani 100 foizgacha to‘ldirgan.
Rasmiy diagnostika batareyaning 91,3 foiz qolgan sig‘imini ko‘rsatgan. Real yurish zaxirasi dastlab 528 km bo‘lgan bo‘lsa, hozir taxminan 450 km atrofida.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, batareya degradatsiyasi yiliga o‘rtacha 2 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bozordagi o‘rtacha natijalarga yaqin. Aksariyat 2026-yil avtomobillari yiliga 12–18 ming km masofa bosadi. Mazkur EV6 esa ancha og‘ir sharoitda foydalanish qilingan.
530 ming km davomida faqat rul uchlari 285 ming km’da, amortizatorlar esa 430 ming km’da almashtirilgan. Quvvat bloki va batareyada jiddiy nosozlik qayd etilmagan.
Mazkur holat zamonaviy elektromobillar professional yuklamani bardosh bera olishini ko‘rsatadi. To‘g‘ri foydalanish va zaryad rejimi saqlansa, resursning keskin kamayishi kuzatilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia Sonet 2026 avtomobili qanday imkoniyatlarga ega ekanligi haqida yozgan edi.