
Ko‘chmas mulk hamda transport vositalarini oldi-sotdi qilish jarayonida hisob-kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha yangi nizom kuchga kirishi mumkin. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan va ayni paytda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlari, shuningdek ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi avtotransport vositalari savdosi bo‘yicha hisob-kitoblar eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladi.
Yangi tizim bank, notarius va shartnoma taraflariga nisbatan tatbiq etiladi. Taraflar o‘rtasidagi kelishuv belgilangan shakl asosida rasmiylashtiriladi. Adliya vazirligi va Markaziy bank Nizom talablarining ijrosi ustidan monitoring olib boradi.
Endilikda ko‘chmas mulk yoki transport vositasini notarial tasdiqlash jarayonida xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron ariza bilan murojaat qiladi. Arizada taraflarning shaxsiy ma’lumotlari, JShShIR yoki STIR raqamlari, shartnoma summasi va bank rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Bank ariza asosida eskrou hisobvarag‘i ochadi. Har bir oldi-sotdi bitimi uchun alohida bitta eskrou hisobvarag‘i tashkil etiladi. Xaridor pul mablag‘larini naqd yoki naqdsiz shaklda ushbu hisobvarag‘iga kiritadi.
Pul mablag‘lari eskrou hisobvarag‘iga tushgach, bank bu haqda avtomatlashtirilgan tizim orqali elektron ma’lumot shakllantiradi. Notarius shartnomani tasdiqlashdan oldin tizim orqali mablag‘ mavjudligini real vaqt rejimida tekshiradi.
Agar hisobvaraqda kelishilgan summa mavjud bo‘lmasa yoki eskrou yopilgan bo‘lsa, notarius shartnomani tasdiqlashni rad etadi. Shartnoma tasdiqlangach, notarius elektron tizim orqali bankka tegishli ma’lumotlarni yuboradi va mablag‘ sotuvchining hisobiga avtomatik o‘tkaziladi.
Agar shartnoma tuzilmasa, xaridor yoki uning vakili eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ni qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri kasbiy ta’lim muassasalari reyting asosida moliyaviy rag‘batlantirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.