
Angliya Premyer-ligasining navbatdagi turida «Manchester Siti» klubi o‘z maydonida «Fulxem»ni qabul qilib, yirik hisobda zafar quchdi. Abduqodir Husanov zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Barcha gollar uchrashuvning birinchi bo‘limida kiritildi. Antuan Semenyo 24-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 30-daqiqada Niko Orayli jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi. 39-daqiqada Erling Holand o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.
Ushbu uchrashuvdagi aniq zarba Holand uchun «Manchester Siti» tarkibidagi 153-gol bo‘ldi. Natijada hujumchi klub afsonasi Kolin Bell bilan tenglashib, tarixiy to‘purarlar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

«Birinchi bo‘lim yuqori saviyada o‘tdi. Yigitlar yaxshi ishlarni amalga oshira olishini ko‘rsatdi», – dedi jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiola.
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan Niko Oraylining ta’kidlashicha, jamoaning asosiy maqsadi har bir o‘yinda uch ochko olish va «Arsenal»ga bosim o‘tkazishdir.

«Liverpul»ga qarshi uchrashuvda jarohat sabab almashtirilgan Abduqodir Husanov 60-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Sofascore portali himoyachining o‘yinini 6,9 ballga baholadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» «Liverpul» ustidan irodali g‘alabaga erishgani haqida xabar bergan edi.
