Mazda 6e avtomobili qanday narxda sotiladi: tafsilotlar

12-fevral 2026 12:23 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Madza 6e avtomobili qanday narxda sotiladi
Foto: TVBS.tw / Fototahrir: Kursiv Uzbekistan

Mazda Buyuk Britaniya bozorida yangi Mazda 6e avtomobili uchun narxlarini rasman e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Yetkazib berishlar yoz faslida boshlanishi kutilmoqda.

Mazda 6e aslida Xitoy bozorida sotilayotgan Mazda EZ-6 asosida ishlab chiqilgan. U Changan’ning EPA platformasiga qurilgan bo‘lib, texnik jihatdan Deepal SL03’ga yaqin hisoblanadi.

Mazda 6e 78 kVt/soat sig‘imli LFP akkumulyator bilan jihozlangan. Rasmiy yurish zaxirasi 560 kmni tashkil etadi. Tezkor quvvatlash tizimi yordamida batareyani 10 foizdan 80 foizgacha 24 daqiqada to‘ldirish mumkin. Elektromotor orqa o‘qqa o‘rnatilgan va 254 ot kuchi ishlab chiqaradi.

Mazda 6e / Foto: Geekpark

Eng katta muhokama narxlar atrofida yuzaga keldi. Buyuk Britaniyada modelning boshlang‘ich narxi 38,9 ming funt sterling ($53,1 ming) etib belgilangan. Bu Yevropa uchun o‘rta o‘lchamli elektr sedan segmentida maqbul ko‘rsatkich hisoblanadi.

Biroq Xitoyda aynan shu avtomobil 159,8 ming yuan ($23,2 ming) yoki qariyb 16,9 ming funt sterling ($23,1 ming)dan boshlanadi. Buyuk Britaniyadagi narx Xitoyga nisbatan qariyb 2,3 baravar yuqori.

Ma’lumki, Yevropa Ittifoqi Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga qo‘shimcha bojlar joriy qilgan. Buyuk Britaniya esa bunday keskin tarif siyosatini qo‘llamagan. Shunga qaramay, narx tafovuti e’tiborni tortmoqda.

Mazda 6e / Foto: PConline

Shu bilan birga, Xitoy avtomobil brendlari Buyuk Britaniya bozorida tez sur’atda ulush oshirmoqda.

2025-yilning dastlabki 11 oyida Xitoy markalari 187,8 mingta avtomobil sotgan. Bu umumiy 1,87 mln avtomobil bozorining 10 foizini tashkil etadi. Ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan ikki baravar o‘sgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda CX-3 avtomobili nega ishlab chiqarilmasligi haqida yozgan edi.

Shuningdek