Avto

Mercedes-Benz eng arzon modelni yangicha formatda taqdim etadi

Yangi avtomobil Mercedes-Benz CLA, Mercedes-Benz GLB va tayyorlanayotgan Mercedes-Benz GLA qatoriga qo‘shiladi
Mercedes-Benz eng arzon modelni yangicha formatda taqdim etadi
Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan

Mercedes-Benz A va B klass modellari ishlab chiqarilishini to‘xtatish rejasidan so‘ng ixcham segmentda qolishning yangi yo‘lini topdi. Kompaniya 2028-yilda mutlaqo yangi modelni bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda.

Tadqiqot va ishlanmalar bo‘limi rahbari Yorg Burtsaning ma’lum qilishicha, yangi avtomobil avvalgi modellarga o‘xshamaydigan formatda bo‘ladi. Model MMA nomli modulli platforma asosida yaratiladi va Mercedes ixcham oilasining beshinchi a’zosi sifatida safga qo‘shiladi.

Yangi model klassik xetchbek yoki kompaktven bo‘lmaydi. U krossover va miniven elementlarini birlashtirgan gibrid kuzov shaklida ishlab chiqiladi. Bunday qaror yosh xaridorlarni va oilaviy auditoriyani bir vaqtning o‘zida jalb etishga qaratilgan. Ilgari A klass yoshlar orasida, B klass esa keng salon uchun tanlanardi. Endi bu ikki segment yagona modelda birlashtiriladi.

Yangi avtomobil Mercedes-Benz CLA, Mercedes-Benz GLB va tayyorlanayotgan Mercedes-Benz GLA qatoriga qo‘shiladi.

MMA platformasi turli kuch qurilmalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Elektr versiyalar orqa g‘ildirakdan tortuvchi va to‘liq uzatmali variantlarda taklif qilinadi. Gibrid talqinda esa 1,5 litrli turbomotor asos qilib olinadi. Old g‘ildirakdan tortish standart bo‘ladi, to‘liq uzatma opsiya sifatida taklif qilinadi.

Model Mercedes brendiga kirish darajasidagi eng arzon avtomobil bo‘lib qoladi. Shu boisdan AMG tomonidan sport versiyalar chiqarilishi rejalashtirilmayapti. Kompaniya ixcham segmentni rentabelli qilishni ham maqsad qilgan. Ikki turli kuzovni bitta universal formatda birlashtirish xarajatlarni kamaytiradi va ishlab chiqarishni soddalashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri afsonaviy Mercedes-Benz SEC avtomobili yangilangani haqida yozgan edi.